To‘raqo‘rg‘onda yirik tekstil korxonasining tamal toshi qo‘yildi. Korxonada 1200 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi

8 yanvar kuni “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi hududida “HengBang Textile Central Asia” xorijiy korxonasining tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining o‘rinbosari Okibjon Inamov, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jaev, “Namangan” EIZ direksiyasi direktori Murodjon G‘afurov, viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, xitoylik investorlar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

 

Tadbir ochilishida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, 18 gektarlik maydonda barpo etilayotgan va respublikamiz korxonalarining tikuvchilik qiyqimlaridan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu noyob korxonaning ishga tushirilishi natijasida 1200 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi, bu loyiha viloyatimiz va mamlakatimiz to‘qimachilik yo‘nalishida yangi sahifa ochishi hamda To‘raqo‘rg‘on tumani iqtisodiyoti va aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

2020 yil 3-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan va umumiy loyiha qiymati 30 million dollarni tashkil etadigan ushbu korxonada yillik 40 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyalari bilan tashkil etiladigan ushbu korxona mahsulotlari asosan Rossiya bozoriga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Xitoylik investor Piter Li o‘z so‘zida “HengBang Textile Central Asia” korxonasi yillik 60 million dollarlik eksport imkoniyatlari bilan viloyatning eng yirik eksporterlaridan biriga aylanishni rejalashtirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“HengBang Textile Central Asia” kompaniyasi vakillari bilan ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan investitsion kelishuv 2019 yil 16 noyabr Namangan viloyati hokimligida imzolangandi.

Shuni ta’kidlash o‘rinliki, 680 gektar maydonni egallagan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi, o‘z hududida bugungi kunda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 513,7 mln AQSH dollar bo‘lgan 14 ta investitsion loyihalar bilan viloyatda sanoatni rivojlantirishda hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda alohida ahamiyat kasb etadi.